Toshkent · chorshanba, 15-iyul, 2026
Lenta · Podkastlar · Arxiv
THE  STANS
Xalqaro media platforma · Markaziy Osiyo
Jamiyat

Oʻzbekiston aholisi 39 milliondan oshdi: roʻyxatga olishning dastlabki natijalari

Mustaqillikdan buyon Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning dastlabki natijalariga koʻra, mamlakat aholisi soni 39 047 321 nafarni tashkil etdi.

The Stans
30-iyun, 2026 · O'zbekiston · 1 daqiqa o'qish
Пресс-конференция Национального комитета по статистике Узбекистана с предварительными итогами переписи населения 2026 года.
На пресс-конференции представили предварительные итоги переписи населения УзбекистанаФото: Telegram-канал Национального комитета по статистике Республики Узбекистан

Ushbu maʼlumotlar 30-iyun kuni Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida taqdim etildi.

Roʻyxatga olishning dastlabki natijalari amaldagi statistik hisob-kitoblardan yuqori koʻrsatkichni qayd etdi. Roʻyxatga olishdan oldin mamlakat aholisi 38 236 704 nafar deb baholangan edi. Farq 810,6 ming nafarni tashkil qildi.

Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 1989-yilda oʻtkazilgan soʻnggi aholi roʻyxatiga nisbatan qariyb ikki baravar oshgan.

Roʻyxatga olish jarayonida aholining 97,3 foizi qamrab olindi. Yana 2,7 foiz aholi turli sabablarga koʻra roʻyxatga olishda ishtirok etmadi. Qoʻmita taʼkidlashicha, bunday koʻrsatkich xalqaro amaliyotda meʼyoriy hisoblanadi. Ayrim mamlakatlarda roʻyxatga olinmagan aholi ulushi 10 foiz va undan yuqori boʻlishi mumkin.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda bir yildan ortiq muddat yashayotgan 56 860 nafar chet el fuqarosi ham roʻyxatga olingan. Ularning eng koʻpi – 19 300 nafari Toshkent shahrida istiqomat qiladi.

Chet el fuqarolari orasida eng katta guruh Hindiston fuqarolari (13 312 nafar) hisoblanadi. Shuningdek, Rossiya (10 826), Qozogʻiston (9 425), Tojikiston (5 722), Turkmaniston (5 347), Qirgʻiziston (4 397), Pokiston (1 433), Xitoy (1 031), Turkiya (811) va Koreya Respublikasi (691) fuqarolari ham roʻyxatga olingan.

Matbuot anjumanida roʻyxatga olish xarajatlari haqida ham maʼlumot berildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bir nafar aholini roʻyxatga olish xarajati 0,12 AQSH dollarini tashkil etgan. Qoʻmita bunga raqamli texnologiyalardan keng foydalanilgani va tashkiliy xarajatlar optimallashtirilgani sabab boʻlganini taʼkidladi.

Dastlabki natijalarga koʻra, 35,7 million kishi yoki aholining 91,3 foizi oʻzbek tilini ona tili sifatida koʻrsatgan. Shu bilan birga, etnik oʻzbeklarning mamlakat umumiy aholisidagi ulushi 89,4 foizni tashkil etadi.

Roʻyxatga olishning yakuniy natijalari barcha maʼlumotlar toʻliq qayta ishlangandan soʻng eʼlon qilinadi.

Ulashish:

Hozir o'qilmoqda