Qozog‘iston va Belgiya Parkinson kasalligini erta aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyasini ishlab chiqadi
Qozog‘istonning Astana Hub markazi va Belgiyaning Gent universiteti Astanadagi Alem.ai xalqaro markazida sun’iy intellekt va matematika bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etmoqda.

Qozog‘iston va Belgiya olimlari sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Dastlabki loyihalar shaxsiylashtirilgan ta’lim va Parkinson kasalligini erta skrining qilishga qaratiladi.
Matematika – sun’iy intellektning asosi
Laboratoriya Astanadagi Alem.ai markazida xorijiy universitetlar bilan qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan AI Labs tashabbusi doirasida faoliyat yuritadi.
Matematik usullar sun’iy intellekt modellarini o‘qitishda muhim o‘rin tutadi. Ular algoritmlarni optimallashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish va prognozlar tuzishda qo‘llaniladi. Laboratoriya fundamental matematik tadqiqotlarni sun’iy intellektning amaliy vazifalari bilan birlashtiradi.
Qo‘shma loyihalarda Gent universiteti olimlari va Qozog‘istonlik tadqiqotchilar ishtirok etadi. Laboratoriya, shuningdek, yosh mutaxassislarni tayyorlash, texnologik startaplarni rivojlantirish va xalqaro moliyalashtirishni jalb qilish bilan shug‘ullanadi.
Dastlabki loyihalar
Laboratoriyaning ilk tashabbuslari qatoriga NeuroLearn va ParkScreen loyihalari kiradi.
NeuroLearn sun’iy intellekt, neyrofan va moslashuvchan ta’lim yo‘nalishlaridagi tadqiqotlarga qaratilgan. Ushbu texnologiyalar o‘quv jarayonini tahlil qilish va o‘quvchilarning individual ehtiyojlariga mos ta’lim usullarini tanlash imkoniyatlarini o‘rganadi.
ParkScreen loyihasi Parkinson kasalligini erta bosqichda skrining qilishda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishga qaratilgan.
Ushbu loyihalar Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Belgiya qiroli Filip va qirolicha Matilda tomonidan Alem.ai xalqaro markaziga tashrif chog‘ida taqdim etildi.
Qo‘shma tadqiqotlar
Qozog‘iston va Belgiya Yevropa Ittifoqining tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Horizon Europe dasturi doirasida moliyalashtirish uchun qo‘shma arizalar topshirishni rejalashtirmoqda.
Xalqaro ilmiy loyihalar olimlarga hamkor tadqiqot guruhlari va ilmiy infratuzilmadan foydalanish, shuningdek, yangi texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish imkonini beradi.
Ilmiy hamkorlik boshqa yo‘nalishlarda ham rivojlanmoqda. Jumladan, Qozog‘iston va Belgiya universitetlari matematik modellashtirish, ilmiy hisoblashlar, raqamli egizaklar va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Ommabop
Qozog‘istonda kelajak texnologiyalari bilan shug‘ullanadigan markazlar tashkil etiladi
Qozog‘iston Xitoy hamkorlari ko‘magida o‘z texnologiyalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Qo‘shma loyihalar qayta tiklanuvchi energetika, sun’iy intellekt va ma’lumotlarni saqlash texnologiyalari kabi bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi.
Markaziy Osiyolik talabalar xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasida g‘olib bo‘ldi
Markaziy Osiyo talabalari 27-sentabrdan 2-oktabrgacha Krasnoyarskda o‘tkazilgan VI Xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasida g‘oliblar va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Qozog‘iston sun’iy intellekt sohasida jahon rekordini o‘rnatdi
Qozog‘iston AI xakatonida ishtirokchilar soni bo‘yicha Guinness World Records rekordini o‘rnatdi.



