Toshkent · chorshanba, 21-oktabr, 2026
Lenta · Podkastlar · Arxiv
Axborot va publitsistik nashr
Turizm

Markaziy Osiyoning boshqa qiyofasi: hunarmandlar shaharlari, qadimiy afsonalar va tog‘ ko‘llari

Mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan chetroqda Markaziy Osiyo o‘zining yana bir qirrasini namoyon etadi: O‘zbekistondagi ipak ustaxonalari, Qozog‘istondagi qadimiy qoyatosh rasmlari, Qirg‘izistondagi yong‘oqzorlar va Tojikistonning mashhur tog‘ ko‘llari.

Malika Fattakhova
Malika FattakhovaMuallif
20-oktabr, 2026 · Markaziy Osiyo · 5 daqiqa o'qish
Панорамный вид на горную долину с извилистой рекой и юртами среди зелёных склонов
Markaziy Osiyoning boshqa qirralarini kashf etish uchun ba’zan odatiy yo‘nalishdan chetga chiqib, tog‘lar sari yo‘l olishning o‘zi kifoya — Foto: Tomáš Malík / Pexels

Bu yerda har bir maskanning o‘z tarixi bor. Markaziy Osiyo bilan tanishuv esa uning mashhur diqqatga sazovor joylari bilan cheklanmaydi.

Farg‘ona vodiysi: uch shahar, uch hikoya

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiluvchilarning aksariyati Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga borishni rejalashtiradi. Farg‘ona vodiysi esa ko‘pincha sayyohlik yo‘nalishlaridan chetda qoladi. Vaholanki, bu hudud ham alohida e’tiborga loyiq.

O‘zbekistonning sharqida joylashgan vodiy qisman Qirg‘iziston va Tojikiston hududlariga ham yoyilgan. Uning shaharlari qadimdan savdo va hunarmandchilik markazlari sifatida rivojlangan. Shunga qaramay, bugun bu yerlarga Buyuk ipak yo‘li bo‘yidagi mashhur shaharlarga qaraganda ancha kam sayyoh keladi. Aslida, Marg‘ilon, Rishton va Qo‘qon Samarqand hamda Buxoro safariga qo‘shimcha manzil bo‘lish bilangina cheklanmaydi – ularning har biri mustaqil sayohatga arziydi.

Ipak shahri va qadimiy naqshlar

Marg‘ilonda matodagi naqsh iplar to‘quv dastgohiga joylanishidan oldin paydo bo‘ladi. Bu – ikat tayyorlash usuli. Bunda iplarning ayrim qismlari oldindan bog‘lanib, bo‘yaladi, so‘ng ma’lum tartibda joylashtiriladi. Iplar to‘qilgach, ranglari biroz yoyilgandek ko‘rinadigan, chetlari xira naqsh hosil bo‘ladi.

Bu usul atlas va adras tayyorlashda qo‘llanadi. An’anaga ko‘ra, atlas ipakdan, adras esa ipak va paxta iplaridan to‘qiladi.

Разноцветные шелковые ткани с традиционными узорами в мастерской в Узбекистане.

«Yodgorlik» fabrikasida an’anaviy matolar qanday tayyorlanishi va naqshlar qanday yaratilishini ko‘rish mumkin. Bir qarashda erkin, hatto tasodifiy ko‘rinadigan naqshlar ortida iplarni belgilash, bo‘yash va kerakli tartibda joylashtirishdan iborat puxta jarayon turadi.

Savdoning boshqa ko‘lamini ko‘rish uchun Qo‘shtepa tumanidagi Kumtepa bozoriga borish mumkin. Bu yerda atlas va adras ulgurji hamda chakana sotiladi. Matolar kiyim tikish va qayta sotish uchun xarid qilinadi. Shu sababli bozor nafaqat oddiy xaridorlarni, balki to‘qimachilik savdosi bilan shug‘ullanuvchilarni ham o‘ziga jalb qiladi.

Rishton: mashhur kulolchilik sirlari

Marg‘ilon ipak bilan tanilgan bo‘lsa, Rishton kulolchilik bilan mashhur. Mahalliy maktabga xos ko‘k va feruza ranglar, o‘simliksimon naqshlar hamda sirlangan buyumlarni darhol tanib olish mumkin. Bunda rangga faqat naqsh emas, balki sir tarkibi va pishirish sharoiti ham ta’sir qiladi.

An’anaviy sirlardan biri ishqor deb ataladi. U ayrim o‘simliklar kulidan tayyorlanadi. Aralashmaning aniq tarkibi va uni tayyorlash usuli buyum pishirilgandan keyin qanday ko‘rinish olishini belgilaydi. Bu bilimlar avloddan avlodga o‘tib, Rishton kulolchiligiga o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi.

Hunarmandchilik bilan yaqindan tanishish uchun shogirdlar loyga ishlov berishdan tortib, naqsh tushirishgacha bo‘lgan jarayonni o‘rganadigan ustaxonalarga borish mumkin. Taniqli ustaxonalardan biri kulol Rustam Usmonovga tegishli. Bu yerda uning ishlarini ko‘rish va Rishton kulolchilik maktabi haqida ko‘proq bilish mumkin. Mahorat darsida qatnashmoqchi bo‘lsangiz, tashrifni oldindan kelishib olgan ma’qul.

Традиционная керамика Риштана в Узбекистане: расписанная синими, бирюзовыми и жёлтыми узорами ваза и декоративные тарелки

Manzil: O‘zbekiston, Farg‘ona viloyati, Rishton shahri, B. Ar-Roshidoniy ko‘chasi, 230-uy.

Qo‘qon: xonlik poytaxtidan qolgan meros

XIX asrda Qo‘qon Markaziy Osiyodagi yirik davlatlardan biri – Qo‘qon xonligining poytaxti bo‘lgan. Shaharning o‘tmishdagi salobatini eslatib turuvchi eng muhim me’moriy yodgorliklardan biri – Xudoyorxon saroyi.

Saroy qurilishi 1871-yilda yakunlangan. Taxminan to‘rt gektar maydonni egallagan majmua dastlab 119 ta xonadan iborat bo‘lgan. Uning tashqi devorlari rang-barang koshinlar bilan bezatilgan, ichki qismlarida esa ganch o‘ymakorligi va murakkab naqshlardan foydalanilgan. Bezak ishlari uchun xonlikning turli hududlaridan, jumladan, Rishton kulollaridan ham ustalar taklif etilgan. Shu tariqa bugun vodiyning ayrim shaharlari bilan bog‘lanadigan hunarmandchilik an’analari uning siyosiy poytaxti tarixining ham bir qismiga aylangan.

Дворец Худояр-хана в Коканде, Узбекистан, с арочным входом, бирюзовыми куполами и фасадом, украшенным традиционной керамической мозаикой.

Xudoyorxon 1845-yilda, atigi 12 yoshida taxtga chiqqan. Uning hukmronligi taxt uchun kurashlar va qo‘shni davlatlar bilan nizolar ostida kechgan. 1876-yilda Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini tugatgan, Xudoyorxon esa Toshkentga yuborilgan.

Xonlik tugatilgach, saroy avvalgi vazifasini yo‘qotgan. Bugungacha uning ikki hovlisi va 19 ta xonasi saqlanib qolgan. Hozir bu yerda muzey faoliyat yuritadi. Xudoyorxon taxti esa Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanadi.

Biroq Qo‘qon tarixi faqat saroy bilan cheklanmaydi. Shaharda balandligi qariyb 22 metr bo‘lgan minorali Jome masjidi va XVIII asr oxirida qurilgan Norbo‘tabiy madrasasi ham saqlanib qolgan. Bu obidalar saroydan oldin bunyod etilgan bo‘lib, Qo‘qon mintaqadagi mavqeini endigina mustahkamlay boshlagan davrni eslatadi.

Kuzda Qirg‘izistonning yong‘oq o‘rmonlari

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida, tog‘lar bag‘rida joylashgan Arslonbob qishlog‘i tabiiy yong‘oqzorlar bilan o‘ralgan. Bu yerda yong‘oq yig‘ish hamon mahalliy hayotning muhim qismi hisoblanadi.

Kuz kelishi bilan aholi hosil yig‘ish uchun o‘rmonga yo‘l oladi. Keyin yong‘oqlar saralanib, sotuvga chiqariladi. Aynan shu faslda qishloq hayoti yil fasllarining almashinuvi bilan qanchalik chambarchas bog‘liqligini yaqqol ko‘rish mumkin. Yaqin atrofda Katta va Kichik sharsharalar ham bor. Sayyohlar mahalliy mehmon uylarida tunashlari mumkin.

Панорамный вид на горы Тянь-Шаня в Кыргызстане: лесистые склоны на переднем плане и заснеженные вершины под облачным небом

Yong‘oq yig‘im-terimi odatda sentabr va oktabr oylariga to‘g‘ri keladi, biroq muddat ob-havo va hosilga qarab o‘zgarishi mumkin.

Qozog‘istonning toshlarga bitilgan tarixi

Olmaota shahridan taxminan 170 kilometr shimoli-g‘arbda, Olmaota viloyatida Tamg‘ali darasi joylashgan. Uning qoyalarida turli davrlarda – miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmidan XX asr boshlarigacha yaratilgan qariyb 5 000 ta petroglif saqlanib qolgan.

Tosh rasmlarida hayvonlar, odamlar va chorvador jamoalar hayotiga oid manzaralar tasvirlangan. Eng mashhur tasvirlar orasida boshidan nur taralayotgandek ko‘rinadigan odam shakllari bor. Tadqiqotchilar ularni quyosh ramzlari bilan bog‘lashadi. Bu hududdan qadimiy manzilgohlar va dafn majmualarining izlari ham topilgan.

Древние петроглифы, высеченные на тёмной скальной поверхности в урочище Тамгалы, Казахстан.

2004-yilda Tamg‘ali YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bugun bu maskan ming yillar davomida odamlar dasht hududlarini qanday o‘zlashtirgani va o‘z madaniyatidan qanday izlar qoldirganini ko‘rish imkonini beradi.

Tojikistondagi afsonaviy Iskandarko‘l

Iskandarko‘l nomi Sharqda Iskandar deb atalgan Aleksandr Makedonskiy bilan bog‘liq. Miloddan avvalgi IV asrda u Markaziy Osiyoning qadimiy hududlaridan biri – So‘g‘diyonani zabt etgan. Ko‘l haqidagi mahalliy rivoyatlar ham uning nomi bilan bog‘lanadi.

Rivoyatlardan biriga ko‘ra, mahalliy aholi bo‘ysunishdan bosh tortgach, Iskandar ularning manzilgohini suvga bostirishni buyurgan va uning o‘rnida ko‘l paydo bo‘lgan. Boshqa bir rivoyatda esa sarkardaning sevimli oti Buqefal aynan shu ko‘lda cho‘kib ketgani aytiladi.

Ko‘l yaqinida balandligi qariyb 38 metr bo‘lgan, «Fann Niagara» deb ataladigan sharshara bor. Bir necha kunlik tog‘ sayohatini rejalashtirganlar Alauddin va Kulikalon ko‘llari atrofidagi yo‘nalishlarni ham tanlashadi. Bunday safarlar puxta tayyorgarlikni talab qiladi: balandlik, ob-havo va dovonlarning holati yo‘lning qanchalik murakkab bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Markaziy Osiyoning boshqa qirralarini kashf etish

Markaziy Osiyoga sayohat qilganda Samarqand va Buxoroning me’moriy durdonalariga mahliyo bo‘lish yoki odatiy sayyohlik yo‘nalishlaridan chetga chiqmaslik oson. Ammo mintaqa mashhur obidalar bilangina cheklanmaydi. Ularning ortida hunarmandlar shaharlari, qadimiy yodgorliklar, tog‘ qishloqlari va afsonalar bilan bog‘liq ko‘llar yashiringan.

Ba’zan Markaziy Osiyoni yangidan kashf etish uchun odatiy yo‘nalishdan biroz chetga chiqishning o‘zi kifoya.

Ulashish:

Ommabop